Sun'iy intellekt zo'rmi?
Aprel 10, 2025
Hozir ko'pchilik Sun'iy intellekt (AI) degan so'zni hech bo'masa qayerdadir eshitgan, ularning aksariyati u bilan ChatGPT, Gemini, DeepSeek orqali gaplashib ham ko'rgan.
Lekin shu yerda ko'pchilikda bitta tushunmovchilik bor: bu ham bo'lsa Sun'iy intellekt berayotgan javoblarni haqiqatda o'zi yaratyapti deb ishonish.
Aslida jarayon unaqa emas.
Soddaroq qilib aytganda, sun'iy intellekt faqat yodlatilgan narsalarini qaytarib aytib beradi xolos. Bu xuddi 3-4 yoshli bolaga do'stlar xiyonati, Vatan muqaddasligi haqida she'r yodlatasiz va bola uni qaytarib aytib berishiga o'xshaydi.
Agar siz bolani aytayotgan narsasini tushunyapti deb o'ylasangiz, bola xuddi geniydek tuyuladi. Lekin u yodlatilgani (yoki Sun'iy intellekt dasturchilari tilida aytilgan shug'ullantirilgani)ni bilsangiz, unchalik wow tuyulmaydi.
AI ni shug'ullantirish (inglizchasi - training AI model) quyidagicha amalga oshiriladi:
- AIga training data yuklanadi. Bu degani, internetdagi saytlar, kitoblar, gazetalardagi matn yuklanadi;
- Keyin AI o'xshashliklar va qaytarilishlar (pattern recognition) orqali o'rganishga harakat qiladi.
Masalan, "Ota-onam meni ..." degan jumlani davomida nima so'z qo'yilishi uning shug'ullantirilish tarixiga bog'liq.
Yaxshi matnda shug'ullantirilgan bo'lsa "yaxshi ko'rishadi" degan so'zni aytadi.
Negativ trening bo'lgan bo'lsa "urishgan" deyishi ham mumkin.
Bu AIning ota-onasi borligiga umuman aloqasi yo'q);
- Keyin uni dasturchilar testdan o'tkazadi. Yuqoridagiga o'xshash savollar berib ko'radi. To'g'ri javobini rag'batlantiradi, xato javobni xato deb belgilab chiqishadi. (Shuning uchun ham AI qora tanlilar haqidagi aksariyat savollarga javob bermaydi).
Bu AI model yaratilishining asosiy etaplari. (Lekin aslida ancha murakkab jarayon, men ham aniq bilmayman)
Shuning uchun Sun'iy intellektning berayotgan javobini juda unchalik jiddiy qabul qilib yuborish shart emas. U berayotgan matn qaysidir oddiy odam qachondir internetda yozgan jinnicha yoki tasdiqlanmagan ma'lumot bo'lishi ham mumkin.
Lekin shunday bo'lsa ham, AI rivojlanish tempi juda katta, kuzatishga arziydi.
_________________________________
Bu matn keyinchalik ham o'qilganda foyda berishi uchun yana bitta xulosa: yangi chiqqan texnologiyani bittada olamshumul narsadek qabul qilish kerak emas. Uning mohiyatini tushunishga harakat qilaylik. Balki u biz o'ylaganchalik ham zo'r emasdir?