Hasad
Yozilgan sana: 2025-10-14
Ba'zida hasad qilayotganimni payqab qolaman. Ba'zilarning ilmiga, ba'zilarning yutuqlariga, yana ba'zilarning mol dunyosiga.
Keyin o'tirib aynan nimasiga hasad qilganimni aniqlashtirmoqchi bo'laman.
Ko'pincha ularning qurbonliklarini qilmasdan, erishgan natijalarini xohlashga taqaladi.
- Ilmiga havas qilayotgan insonim men ko'chada o'ynaganda yoki vaqtimni isrof qilganimda, u o'qigan ekan;
- Yutuqlariga havas qilgan insonimni ham men bilmagan ko'p darslari bor ekan: oilasiga vaqt ajratolmagan, risk qilgan, mas'uliyat olgan va hk.
Shunday qilib, bizda katta savol tug'iladi: Hasad o'zi nima?
Hasad bu yetarlicha ma'lumot yo'qligi
Siz hasad qilayotgan narsangiz haqida yetarlicha ma'lumotga ega emassiz. Unga qanday erishilishi, qanday qo'shimcha noqulayliklar bilan keladi.
Agar xuddi o'sha odamni vaziyati bilan shu narsalarga erishishni xohlarmiding degan tanlov berilsa, menimcha ko'p narsalardan voz kechar edik.
Bizga doim boshqa yerdagi maysa chiroyli ko'rinadi. Lekin yaqiniga borib ko'rsak , u yerni go'ng bilan parvarishlanishini ko'ramiz. Go'ng hamma yerda bor, faqat uni uzoqdan ko'rmaysiz.
Hasad bu shoshilish
O'zingiz xohlayotgan lekin hali erishmagan narsangiz bor. Siz o'zingizni unga loyiq deb o'ylaysiz. O'zingizni tayyorman deb o'ylaysiz. Lekin muammo shundaki, agar siz loyiq bo'lganingizda, o'sha narsa hozir sizda bo'lar edi. Yo'qmi? Demak loyiq emassiz.
Erishmoqchi bo'lgan narsangizga erishishning eng oson yo'li - unga loyiq bo'lish. Bu esa tez bo'lmaydi.
Shoshilmang.
Shoshilish solishtirishdan keladi. O'zingizni kimga solishtiryapsiz? Ularning vaziyati siz bilan bir xilmi?
Kimnidir o'zingizga solishtirish kerak bo'lsa, bu faqat o'zingiz.
Shoshilmang, hammasi reja bo'yicha ketyapti.
Shoshilmang, hammasi reja bo'yicha ketyapti.
Undan qutilish uchun mashqlar
1. Hasad qilishni xohlamaydigan narsalaringdan uzoqroq yur. Kimgadir hasad qilayotgan bo'lsang, vaqtincha unfollow.
2. Rostan senda ham bo'lishini xohlaydigan narsalarni ajratib ol. Endi shu narsalarga qanday erishishni erishib bo'lganlardan so'ra. O'rganishga harakat qil.
"Moshinangiz zo'r ekan, nima ish qilasiz?" shuni yaqqol misoli deb bilaman.
Lekin buni ko'plab boshqa narsalarda ham ishlatsa bo'ladi.
3. Hasad qilayotgan odamingni duo qil. Nafsga og'ir chunki.
p.s: buni yozganim men hali uni to'liq o'zimda davolaganimni anglatmaydi. Shunchaki o'sha yo'lda nimalarni sinab ko'rganlarimdan ba'zilari xolos
p.s: buni yozganim men hali uni to'liq o'zimda davolaganimni anglatmaydi. Shunchaki o'sha yo'lda nimalarni sinab ko'rganlarimdan ba'zilari xolos
Qo'shimchalar:
- Shu mavzuda qo'shimcha o'qish uchun Aziz akadan
- Shu mavzuda qo'shimcha o'qish uchun Aziz akadan